Yaqinda bir narsa haqida o’ylanib qoldim: agar inson so’ramasa, unga yordam berish aslida savobmi yoki zarar?
Ko’pincha biz «yaxshi bo’lsin» deb harakat qilamiz: do’stimizga maslahat beramiz, hamkasbimizga yo’l ko’rsatamiz yoki yaqinimizni «qutqarishga» shoshilamiz. Ammo «rahmat» o’rniga g’azab yoki sovuq munosabatga duch kelamiz.
Buning sababi nimada?
So’ralmagan joyda yordamga shoshilish bilan biz ongsiz ravishda qarshimizdagi insonga: «Sen o’zing eplay olmayapsan, men esa sendan yaxshiroq bilaman», degan xabarni beramiz. Bu qo’llab-quvvatlashdek emas, balki aql o’rgatishdek eshitiladi. Biz uni nimadan va nega «qutqarmoqchimiz»?
Psixologiyada bu holat qarshilik ko’rsatish deb ataladi: insonga bosim o’tkazilsa (hatto yaxshi niyatda bo’lsa ham), u beixtiyor o’zini chetga oladi. Bu tushunishga emas, balki munosabatlarning sovuqlashishiga olib keladi.
Oddiy misol: Do’kondagi vaziyat
Tasavvur qiling, siz do’kondosiz:
- 1-holat: Siz shunchaki mahsulotlarni tomosha qilyapsiz, narxlarni solishtirib, o’ylanib turibsiz. Shu payt sotuvchi oldingizga yugurib kelib, juda ham betoqatlik bilan biror narsani tavsiya qila boshlaydi. Bu nafaqat g’ashni keltiradi, balki o’sha mahsulotga nisbatan salbiy munosabat uyg’otadi.
- 2-holat: Siz aniq bir narsani qidiryapsiz va shu payt sizga uni topishda yordam berishadi. Bu holatda siz xursand bo’lasiz va minnatdorchilik bildirasiz.
Demak, asosiy farq — ehtiyoj va so’rovning borligida.
Qanday qilib to’g’ri yordam berish mumkin?
Kuchli insonning pozitsiyasi — hamma narsaga o’zini urish yoki barchani «qutqarish» emas, balki insonga tanlov imkoniyatini berishdir.
Buyruq ohangidagi «Bunday qil!» degan gap o’rniga quyidagilarni aytish samaraliroq:
- «Agar xohlasang, men buni avval qanday qilganimni aytib berishim mumkin.»
- «Agar yordam kerak bo’lsa, men shu yerdaman.»
Xulosa
Yordam — bu o’ziga xos kelishuv. Agar ikki tomon ham bunga rozi bo’lmasa, bu yordam emas, balki shaxsiy chegaralarni buzish hisoblanadi. Bu esa nafaqat insonning o’ziga, balki u taklif qilayotgan mahsulot yoki xizmatga nisbatan ham sodiqlikning (loyalik) yo’qolishiga olib keladi.
Biznesda ham, hayotda ham chegaralarni buzish ishonchni so’ndiradi. Maslahatga ehtiyoj bo’lgandagina uning qiymati o’n barobar ortadi.
Sizning fikringiz qanday? Inson xato qilayotganini ko’rsangiz, aralashish kerakmi? Yoki unga bu yo’lni mustaqil bosib o’tishga va tajriba orttirishga qo’yib bergan ma’qulmi?
O’z tajribangiz bilan izohlarda bo’lishing! 👇
